30-noyabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida markaziy apparat, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari hamda oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun iqtisodiy oʻqish boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev ochib berdi.
Iqtisodiy oʻqish ijro intizomi tizimini takomillashtirish va ish jarayonini yanada samarali tashkil etishga qaratildi. Tadbirda Adliya vazirligi, “Unicon soft” mutaxassislari ijro intizomini mustahkamlash, “Ijro.gov.uz” va “Edo.ijro.uz” elektron tizimining oʻrni, ahamiyati hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tartibidagi yangiliklar, o‘zgarishlar haqida maʼruza qilib, sohadagi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, uzluksiz texnologik jarayonlarni tashkil etish va elektron tizimdagi yangi imkoniyatlar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini taʼminlash, har bir xodimning shaxsiy javobgarligini belgilash maqsadida “Ishni jamoa bajaradi – masʼuliyat esa shaxsiy” prinsipi asosida ishlarni tashkil etish lozimligi tushuntirildi.
Iqtisodiy oʻqish doirasida ishtirokchilar oʻzaro fikr almashib, savollarga javob oldilar.