21-noyabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Markaziy Osiyoda barqaror energetika aloqalari (SECCA)” loyihasi tomonidan mamlakatimizdagi taʼlim va ilmiy muassasalar uchun “Yevropa Gorizonti” dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo tadqiqot hamkorligini ochish” nomli seminar oʻtkazildi. Seminarda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi “Yevropa Gorizonti” dasturi tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlari, loyiha va tashabbuslar taqdim etildi va bu tadqiqot sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qanday yordam berishi mumkinligini namoyish etdi.
Kampaniya doirasida Toshkentdagi 5ta oliy oʻquv yurti: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari va oʻqituvchilari barqaror energetika mavzusidagi maʼruzalarda ishtirok etib, “yashil” energetik konsepsiyasini muhokama qildilar.
Yakunda Yevropa Ittifoqi barcha ishtirokchi talabalarga Yevropa markazi — Florensiyaning tartibga solish maktabi (Italiya) tomonidan tashkil etiladigan energetika va iqlim taʼlimi boʻyicha onlayn innovatsion treninglarga bepul kirish huquqini berdi.
Ma’lumot uchun: Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda barqaror energetika aloqalari (SECCA)” loyihasi (2022-yil mart – 2026-yil mart) Yevropa Ittifoqining ilgʻor tajribalariga muvofiq Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror energetik balansni ilgari surishga qaratilgan.